O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko bilan tor doirada va rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokara o'tkazdi. Uchrashuvda ikki mamlakat o'rtasidagi strategik sheriklik va ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarilganini ta'kidladi.
Qayd etilishicha, rasmiy tashrif arafasida Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashining yig'ilishlari, siyosiy maslahatlashuvlar, tahliliy markazlar uchrashuvlari, O'zbekiston madaniyati kunlari hamda qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli o'tkazilgan.
Muzokaralarda o'zaro savdo-iqtisodiy hamkorlikning ijobiy sur'atlari alohida qayd etildi. So'nggi besh yilda mamlakatlar o'rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb uch baravarga oshib, o'tgan yil yakunlariga ko'ra qariyb 1 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning o'tgan davrida esa mazkur ko'rsatkich yana 30 foizga o'sgan. Bugungi kunda ikki mamlakat ishtirokida 360 ta qo'shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Tomonlar o'zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo'yicha kelishuvga erishilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shuningdek, qishloq xo'jaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat, mebelsazlik va boshqa tarmoqlarda yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani ta'kidlandi.
O'zbekistonning tinch atom energetikasidan foydalanish va mazkur sohada infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha Belarus tajribasini o'rganishdan manfaatdor ekani bildirildi.
Uchrashuvda Minsk shahrida bo'lib o'tgan uchinchi O'zbekiston – Belarus hududlararo forumi yakunlari ham yuqori baholandi. Forum doirasida qator savdo shartnomalari va investitsiya bitimlari imzolangani qayd etildi.
Prezidentlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti hamda Qo'shilmaslik harakati kabi xalqaro tuzilmalar doirasida o'zaro qo'llab-quvvatlashni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni yanada faollashtirish muhimligi ta'kidlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev Minsk shahrida O'zbekiston – Belarus do'stligi xiyobonini barpo etish tashabbusi uchun Aleksandr Lukashenkoga minnatdorlik bildirdi.
Tomonlar joriy yil oxiriga qadar qo'shma turizm, tibbiyot va ta'lim forumlarini o'tkazishga ham kelishib oldi.
Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni rasmiy tashrif bilan O'zbekistonga kelishga taklif qildi.






