AsosiyDUNYO

Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga o‘zi haqidagi kitobni sovg‘a qildi

Kitobga ilova qilingan shaxsiy maktubida Erdo‘g‘an mazkur asarning mazmun-mohiyatiga ham to‘xtalgan.

'Erdo‘g‘an NATO yetakchilariga o‘zi haqidagi kitobni sovg‘a qildi'ning rasmi

Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an NATOning Anqara shahrida bo‘lib o‘tgan 36-sammitida ishtirok etgan davlat va hukumat rahbarlariga o‘zi haqida yozilgan “Jasorat siyosati: Erdo‘g‘an va Turkiyaning yuksalishi” nomli kitobni shaxsiy sovg‘a sifatida taqdim etdi. Kitob yetakchilarga Prezidentning imzosi tushirilgan maxsus maktub bilan birga berilgan. Bu haqda "Anadolu" agentligi xabar qildi.

Ma’lum qilinishicha, mazkur kitob Erdo‘g‘an jamg‘armasi tashabbusi bilan xalqaro auditoriya uchun ingliz tilida tayyorlangan bo‘lib, unda Turkiyaning so‘nggi yillardagi siyosiy taraqqiyoti, mamlakat duch kelgan muhim sinovlar, qabul qilingan strategik qarorlar, amalga oshirilgan islohotlar hamda davlatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlari tahlil qilingan.

Asarda, shuningdek, Rajab Toyib Erdo‘g‘anning siyosiy faoliyati va rahbarlik uslubi orqali Turkiyada keyingi chorak asr mobaynida kechgan siyosiy, ijtimoiy hamda institutsional o‘zgarishlar “jasorat siyosati” konsepsiyasi asosida yoritilgan.

Kitobga ilova qilingan shaxsiy maktubida Erdo‘g‘an mazkur asarning mazmun-mohiyatiga ham to‘xtalgan.

“Tarix faqat sodir bo‘lgan voqealar yig‘indisi emas, balki o‘sha voqealarga yo‘nalish bergan qarorlar, ulkan mehnat va shakllangan qarashlarning umumiy merosidir. Bu asar shaxsiy hayot yo‘limdan tashqari, xalqimiz bilan birga barpo etgan orzularimiz, amalga oshirgan loyihalarimiz va kelajak avlodlarga qoldirayotgan merosimizning ifodasidir”, deyiladi Turkiya Prezidentining maktubida.

Qayd etilishicha, kitob oddiy siyosiy biografiya doirasidan chiqib, Turkiyaning zamonaviy tarixini mamlakat rahbariyati, jamiyat va davlat rivoji nuqtai nazaridan talqin qilishga qaratilgan. Shu bois u xalqaro o‘quvchilar uchun Turkiyadagi so‘nggi yillardagi o‘zgarishlarning siyosiy va ijtimoiy asoslarini tushuntiruvchi manbalardan biri sifatida baholanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Anqarada o‘tkazilgan NATOning 36-sammiti yakunlari bo‘yicha Rajab Toyib Erdo‘g‘an al-yans yetakchilariga ularning ismlari o‘yib yozilgan maxsus to‘pponcha va bir quti o‘q-dorini sovg‘a qilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

    Boshqa yangiliklar