O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Rayosati fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 avgustdan boshlab fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning mavjud shtat birliklari doirasida mehnat nizolarini ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar faoliyat yuritadi.
Yangi tartibga ko‘ra, Oliy sudning Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tarkibida 4 nafar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar hamda Toshkent shahar sudlarining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atlarida esa 3 nafardan ixtisoslashgan sudya faoliyat olib boradi.
Shuningdek, Nukus, Buxoro, Jizzax, Qarshi, Karmana, Namangan, Termiz, Farg‘ona, Urganch, Ohangaron tumanlararo sudlarida 2 nafardan, Samarqand shahar sudida 2 nafar, Kattaqo‘rg‘on, O‘rtachirchiq va Yangiyo‘l tumanlararo sudlarida 1 nafardan, shuningdek, Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Shayxontohur, Uchtepa va Yakkasaroy tumanlararo sudlarida 2 nafardan mehnat nizolariga ixtisoslashgan sudyalar ishlaydi.
Qarorga asosan, 2026 yil 1 avgustdan keyin sudlarga kelib tushadigan mehnat nizolariga oid arizalar aynan mazkur ixtisoslashgan sudyalar o‘rtasida taqsimlanadi.
Bundan tashqari, 2026 yil 31 iyulga qadar sudlarga kelib tushgan, shu jumladan, ish yurituviga qabul qilingan mehnat nizolariga oid ishlar avvalgi tartib asosida ko‘rib chiqilib, yakuniga yetkaziladi.






