O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Fransiya tadbirkorlari xalqaro harakati — MEDEF International huzuridagi O'zbekiston – Fransiya Ishbilarmonlar kengashi raisi, "Orano" kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Klod Imoven boshchiligidagi Fransiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o'tkazdi.
Bu haqda Saida Mirziyoyeva o'zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma'lum qildi.
Uning qayd etishicha, tomonlar energetika, ta'lim, suv ta'minoti tizimi, transport hamda shahar infratuzilmasi kabi ustuvor yo'nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Saida Mirziyoyeva mazkur muzokaralar Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan yaqinda bo'lib o'tgan oliy darajadagi muloqotning mantiqiy davomi ekanini ta'kidladi.
"Biz energetika, ta'lim, suv ta'minoti tizimi, transport va shahar infratuzilmasi kabi ustuvor sohalarda hamkorlikni kengaytirishni maqsad qilganmiz. Ushbu muzokaralar yaqinda Prezident Emmanuel Makron bilan bo'lib o'tgan oliy darajadagi muloqotimizning uzviy va mantiqiy davomidir", dedi u.
Uchrashuv O'zbekiston va Fransiya o'rtasidagi iqtisodiy hamda investitsiyaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam sifatida baholanmoqda.






