Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida voyaga etmagan bolalarga noqonuniy ravishda diniy taʼlim berib kelgan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida ikki hududda qonun talablariga zid ravishda diniy saboq berish holatlari aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1985 yilda tugʻilgan, muqaddam sudlangan shaxs hech qanday maxsus diniy maʼlumot va tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan holda joriy yilning iyun oyidan buyon oʻz xonadonida 2011–2019 yillarda tugʻilgan 22 nafar voyaga etmagan bolaga diniy taʼlim berib kelgan.
Tergovga qadar tekshiruvlarda aniqlanishicha, Denov va Oltinsoy tumanlaridan kelgan bolalar mazkur xonadonda sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan sharoitda yashab, taʼlim olgan. Buning uchun ularning ota-onalaridan har oy 500 ming soʻmdan 100 AQSh dollarigacha miqdorda toʻlov olingan.
Shuningdek, Fargʻona viloyatining Rishton tumanida yashovchi, 1971 yilda tugʻilgan ayolning xonadoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, u joriy yilning may oyi oxiridan buyon Bagʻdod va Yozyovon tumanlaridan kelgan, 2011–2017 yillarda tugʻilgan 5 nafar voyaga etmagan bolaga hech qanday ruxsatnomasiz diniy taʼlim berib kelayotgani aniqlangan. Tekshiruv davomida oʻqitish jarayonida foydalanilgan adabiyotlar ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 229²-moddasi ikkinchi qismi bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bolalarning ota-onalariga nisbatan esa Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47-moddasiga muvofiq maʼmuriy choralar koʻrilgan hamda profilaktik suhbatlar oʻtkazilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirgan. Qayd etilishicha, murojaat etuvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.






