AQSh Erondan Hormuz bo'g'ozida kemalarga hujumlarni to'xtatish va ushbu hududdagi barcha dengiz yo'laklari xalqaro kemalar qatnovi uchun ochiq ekanini rasman bildirishni talab qildi. Bu haqda BBC ma'lum qildi.
AQSh rasmiylari ma'lum qilishicha, tomonlar o'rtasida uch hafta avval imzolangan o'zaro anglashuv memorandumiga qaramay, Eron Hormuz bo'g'ozi va uning atrofidagi tijoriy kemalarga bir necha bor hujum qilgan.
Vashington ushbu harakatlar ikki tomon o'rtasidagi zaif sulhga salbiy ta'sir ko'rsatgani va yadroviy muzokaralarga bo'lgan ishonchni pasaytirganini ta'kidlamoqda.
Ma'lum qilinishicha, 12 iyul kuni Ummon poytaxti Maskat shahrida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy va Ummon tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr al-Busaidiy uchrashib, Hormuz bo'g'ozidagi xavfsizlik masalalarini muhokama qiladi. AQSh Tehronning rasmiy bayonotini aynan ushbu uchrashuvdan so'ng kutayotganini bildirgan.
AQSh rasmiylaridan biri Eron kemalarga hujumlarni to'xtatishi, Hormuz bo'g'ozidagi barcha dengiz yo'laklari ochiqligini e'lon qilishi va yo'l qo'yilgan xatoni tan olishi kerakligini aytgan.
Shuningdek, Vashington vakili agar Tehron bu qadamlarni amalga oshirmasa, bu jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligini bildirgan.






