Islom sivilizatsiyasi I xalqaro forumi ishtirokchilari O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo'llab, mamlakatda islom sivilizatsiyasi merosini o'rganish, asrab-avaylash va xalqaro miqyosda targ'ib qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Murojaatda forumning o'tkazilishi islom sivilizatsiyasining jahon ilm-fani, madaniyati va ma'naviyati rivojiga qo'shgan ulkan hissasini yanada chuqur o'rganish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish yo'lida muhim voqea bo'lgani ta'kidlandi.
Ishtirokchilar Toshkent, Samarqand va Termiz kabi tarixiy shaharlarda tashkil etilgan anjuman O'zbekistonning boy ilmiy-ma'rifiy merosini namoyon etganini qayd etdi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazi, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va boshqa ma'rifiy muassasalar faoliyati xalqaro hamkorlik uchun muhim maydon sifatida baholandi.
Murojaatda ilm-ma'rifat, tinchlik, bag'rikenglik va sivilizatsiyalar o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.
Forum ishtirokchilari islom sivilizatsiyasining buyuk merosini o'rganish va kelajak avlodlarga yetkazish yo'lida O'zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.






