Qoraqalpog'iston Respublikasida havo haroratining keskin ko'tarilishi munosabati bilan ayrim davlat va nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to'xtatiladi. Bu haqda Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, shahar va tuman hokimlarining qarorlariga muvofiq quyidagi hududlardagi bog'chalar belgilangan muddatlarda faoliyat yuritmaydi:
Nukus shahri — 2026 yil 13 iyuldan 18 iyulgacha;
Amudaryo tumani — 13 iyuldan 15 iyulgacha;
Beruniy tumani — 13 iyuldan 17 iyulgacha;
Xo'jayli tumani — 13 iyuldan 18 iyulgacha;
Taxiatosh tumani — 13 iyuldan 17 iyulgacha;
Shumanay tumani — 13 iyuldan 17 iyulgacha;
Mo'ynoq tumani — 13 iyuldan 17 iyulgacha;
Qonliko'l tumani — 13 iyuldan 17 iyulgacha;
To'rtko'l tumani — 13 iyuldan 17 iyulgacha.
Qayd etilishicha, mazkur qaror bolalar salomatligini havoning o'ta issiq bo'lishi ta'siridan himoya qilish hamda ularning xavfsizligini ta'minlash maqsadida qabul qilingan. Faoliyatni vaqtincha to'xtatish tartibi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo'limlarining tegishli xulosalari hamda tavsiyalari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, ota-onalardan farzandlari salomatligiga alohida e'tibor qaratish, kunning eng issiq vaqtlarida ularning ochiq havoda uzoq vaqt bo'lishiga yo'l qo'ymaslik va barcha zarur ehtiyot choralariga amal qilish so'ralgan.
Eslatib o'tamiz, "O'zgidromet" 13–17 iyul kunlari O'zbekiston hududiga janubdan juda issiq havo oqimlari kirib kelishi kutilganini ma'lum qilgan edi. Prognozga ko'ra, eng issiq kunlarda respublika hududining katta qismida havo harorati 41–43 darajagacha, shimoliy, janubiy va cho'l hududlarida esa 44–46 darajagacha ko'tarilishi mumkin.






