Rossiyada iyun oyida o‘tkazilgan "Nelegal-2026" operatsiyasining birinchi bosqichi davomida migratsiya sohasida 60 mingdan ortiq qonunbuzarlik aniqlandi.
Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma‘lum qilishicha, tekshiruvlar natijasida 14,6 ming nafar xorijiy fuqaro ma‘muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborilgan. Yana 29,3 ming nafar shaxsning Rossiyaga kirishi taqiqlangan.
Operatsiya davomida xorijliklarni noqonuniy ishga jalb qilgan 10,4 ming nafar ish beruvchiga nisbatan chora ko‘rilgan. Shuningdek, migratsiya qonunchiligi buzilishi bilan bog‘liq 2 mingta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va qidiruvda bo‘lgan 301 nafar shaxs aniqlangan.
Qayd etilishicha, reydlar asosan xorijliklar ko‘p yashaydigan hududlar, ish joylari, jamoat transporti va yetkazib berish sohalarida o‘tkazilgan.
"Nelegal-2026" operatsiyasi Rossiya IIV, FXX va Rosfinmonitoring hamkorligida noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish hamda qidiruvdagi shaxslarni aniqlash maqsadida tashkil etilgan.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin migratsiya xizmatlari uchun davlat bojlari keskin oshirilishi to‘g‘risidagi qonunni imzolagandi.






