O‘zbekistonda bug‘doy o‘rimidan so‘ng qolgan dalalarni yoqqan 172 nafar shaxsga nisbatan chora ko‘rildi. Ularga jami 212,5 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Shuningdek, qoidabuzarlar tabiatga yetkazgan zarari uchun yana 652,3 million so‘m to‘lov qilishi belgilandi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqish holatlariga qarshi nazorat ishlari kuchaytirilgan. Hududiy bosh boshqarmalar tomonidan 7 ming 760 ta fermer xo‘jaligiga dalalarni yoqmaslik bo‘yicha ogohlantirish xatlari tarqatilgan.
Nazorat tadbirlari hamda kosmik tasvirlarni tahlil qilish orqali respublika bo‘yicha 744 ta dalaning yoqilgani aniqlangan.
Ekologiyachilar nafaqat dala, balki aholi punktlarida ang‘iz, xazon, shox-shabba va boshqa o‘simlik qoldiqlarini yoqish holatlarini ham nazorat qilmoqda. Reydlar davomida bunday 9 ming 821 ta huquqbuzarlik qayd etilib, ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, tabiatga zarar yetkazish holatlari Andijon (348 ta), Toshkent (127 ta) va Surxondaryo (95 ta) viloyatlarida ko‘proq kuzatilgan. Shu sababli ushbu hududlarda nazorat choralari yanada kuchaytirilgan.






