Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent – Bekobod” yo‘nalishida yo‘lga qo‘yilgan yangi elektropoyezdda Bekobod shahriga tashrif buyurdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha Prezidentning 2025 yil 27 dekabrdagi mahalliy temir yo‘l yo‘nalishlarida yo‘lovchi tashish hajmini 2030 yilga qadar oshirishga qaratilgan qarori doirasida amalga oshirildi.
Ma’lum qilinishicha, uzunligi 192 kilometr bo‘lgan “Toshkent – Bekobod” temir yo‘l yo‘nalishi orqali kuniga qariyb ming nafar, yiliga esa 300 ming nafargacha yo‘lovchi tashish rejalashtirilgan.
Mazkur yo‘nalishda olti vagondan iborat, 586 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan zamonaviy elektropoyezd harakatlanadi. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikda yuradi.
Elektropoyezd konditsioner va isitish tizimi, yumshoq o‘rindiqlar, USB quvvatlash uskunalari, Wi-Fi, elektron axborot tablolari, videokuzatuv tizimi, velosipedlar uchun maxsus joylar hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘targichlar bilan jihozlangan.
Prezident temir yo‘l infratuzilmasini yanada rivojlantirish, tarmoqlarni elektrlashtirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash hamda vokzallarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.






