AsosiyJAMIYAT

"Yura davri parki" yulduzi Sem Nill vafot etdi

Sem Nill so'nggi yillarda qon saratonining noyob turi — angioimmunoblastik T-hujayrali limfoma bilan kurashib kelgan.

'"Yura davri parki" yulduzi Sem Nill vafot etdi'ning rasmi

Yangi zelandiyalik mashhur aktyor Sem Nill 13 iyul kuni 78 yoshida vafot etdi. Bu haqda uning oilasi ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, aktyor Avstraliyaning Sidney shahrida yaqinlari davrasida hayotdan ko'z yumgan. Oila a'zolari uning vafoti to'satdan va kutilmagan holda sodir bo'lganini bildirgan.

Ma'lum qilinishicha, Sem Nill so'nggi yillarda qon saratonining noyob turi — angioimmunoblastik T-hujayrali limfoma bilan kurashib kelgan. Uning yaqinlari kasallik remissiya bosqichida bo'lganini ta'kidlab, davolanish jarayonida ishtirok etgan shifokorlarga minnatdorlik bildirgan.

Sem Nill (to'liq ismi — Nayjel Jon Dermot Nill) 1947 yil 14 sentyabrda Shimoliy Irlandiyaning Oma shahrida tug'ilgan. Keyinchalik u oilasi bilan Yangi Zelandiyaga ko'chib o'tgan va Kenterberi universitetida tahsil olgan.

Aktyor butun dunyoga "Yura davri parki" hamda "Yura davri dunyosi: Dominion" filmlarida paleontolog Alan Grant obrazini gavdalantirgani orqali tanildi. U ijodiy faoliyati davomida 100 dan ortiq film va seriallarda, jumladan, "Qizil oktyabr uchun ov", "Pianino", "Event Horizon", "Ot shivirlovchisi", "Peaky Blinders" va "Invasion" kabi loyihalarda rol ijro etdi.

Joriy yilning aprel oyida Sem Nill innovatsion davolash usuli tufayli saratonni yengganini ma'lum qilib, yana kino olamiga qaytishni istayotganini aytgan edi. Shuningdek, u avvalroq The Guardian nashriga bergan intervyusida o'limdan qo'rqmasligini, ammo yana kamida 10–20 yil yashashni xohlashini ta'kidlagan edi.

    Boshqa yangiliklar