Samarqand viloyatining Urgut tumani prokurori oʻrinbosariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati boʻyicha boshqarmasi Bosh prokuraturaning Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlar davomida mansabdor shaxsning qonunga zid harakatlari fosh etilgan.
Tergovga koʻra, u Pastdargʻom tumani prokuraturasida ishlagan vaqtda mahalliy masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish oqibatida davlatga yetkazilgan 2 milliard 887 million soʻmlik zarar miqdorini 805,9 million soʻmgacha kamaytirib berish evaziga vositachilar orqali 6,5 ming AQSh dollari va 35 million soʻm pora olgan.
Shuningdek, prokuratura tomonidan mazkur MChJ mansabdorlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi bilan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi doirasida zarar miqdorini 150–200 million soʻmgacha kamaytirish hamda sudda yengilroq jazo tayinlanishiga yordam berishini aytib, korxona rahbaridan yana 15 ming AQSh dollari talab qilgani bildirilmoqda.
Mansabdorning noqonuniy harakatlari yuzasidan ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.






