AsosiyJAMIYAT

SSV jaziramada o‘zini qanday himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi

O‘zbekistonda havo haroratining keskin ko‘tarilishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi aholini ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.

'SSV jaziramada o‘zini qanday himoya qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi'ning rasmi

"O'zgidromet" ma'lumotiga ko'ra, yaqin kunlarda havo harorati ayrim hududlarda 41–43 darajagacha, mamlakatning shimoli, janubi va cho'l hududlarida esa 44–46 darajagacha ko'tarilishi kutilmoqda.

Vazirlik ta'kidlashicha, bunday jaziramada organizm qizib ketishi, suvsizlanish, qon bosimi o'zgarishi, yurak-qon tomir tizimiga yuklama oshishi hamda issiq urishi holatlari yuzaga kelishi mumkin.

Ayniqsa, 65 yoshdan oshgan keksalar, chaqaloqlar va yosh bolalar, homilador ayollar, yurak-qon tomir, qandli diabet, buyrak va nafas yo'llari kasalliklari bor bemorlar hamda ayrim dori vositalarini qabul qilayotgan fuqarolar yuqori xavf guruhiga kiradi.

SSV aholiga chanqashni kutmasdan kun davomida tez-tez suv ichishni, engil va och rangli kiyim kiyishni, soat 11:00 dan 17:00 gacha to'g'ridan-to'g'ri quyosh nurlari ostida yurishni cheklashni tavsiya qildi.

Shuningdek, og'ir va yog'li ovqatlar o'rniga sabzavot, meva, engil taomlar hamda sut mahsulotlarini iste'mol qilish, jismoniy mehnatni ertalab yoki kechki salqin vaqtlarga rejalashtirish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Vazirlik bolalar, keksalar va uy hayvonlarini hatto qisqa vaqtga ham quyosh ostida qoldirilgan avtomobil ichida yolg'iz tashlab ketmaslikka chaqirdi. Chunki bunday holatda avtomashina ichidagi harorat bir necha daqiqa ichida hayot uchun xavfli darajagacha ko'tarilishi mumkin.

SSV issiq urishining dastlabki belgilari kuzatilganda zudlik bilan salqin joyga o'tish, ko'proq suyuqlik ichish va zarur hollarda tez tibbiy yordamga murojaat qilish lozimligini eslatdi.

    Boshqa yangiliklar