Rossiyaning Primorye o'lkasida dengiz ustida joylashgan piyodalar ko'prigi qulab tushishi oqibatida to'rt kishi jarohat oldi. Ulardan uch nafari voyaga yetmaganlardir. Bu haqda mahalliy rasmiylar ma'lum qildi.
Hodisa bugun, 13 iyul kuni Artyom shahri yaqinidagi Tavayza hududida sodir bo'lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, voqea paytida ko'prik ustida 20–30 nafarga yaqin odam, asosan bolalar bo'lgan. Ayrimlari ko'prikdan dengizga sakrayotgan vaqtda inshoot qulab tushgan.
Hodisa joyida bo'lgan dam oluvchilar hamda qutqaruvchilar jarohatlanganlarni suvdan olib chiqishga muvaffaq bo'lgan.
Artyom shahar ma'muriyati ma'lum qilishicha, jarohatlanganlarning barchasi shifoxonaga yotqizilgan. Ulardan ikki nafari yengil, bir nafari o'rtacha og'irlikda jarohat olgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, hodisa oqibatida halok bo'lganlar yo'q.
Hodisa yuzasidan prokuratura tomonidan tekshiruv boshlangan. Tergovning dastlabki xulosalariga ko'ra, mazkur ko'prik xususiy kompaniya tasarrufida bo'lgan hamda avariya holatida ekani sababli unga kirish taqiqlangan. Biroq bolalar o'rnatilgan to'siqlarni buzib, ko'prikka chiqqan.
Ayni paytda huquqni muhofaza qiluvchi organlar voqeaning barcha holatlarini o'rganmoqda.






