AsosiyJAMIYAT

O‘zbek olimlarining nomi ikki asteroidga berildi

Ma'lumot uchun, Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov NASAning Sayyoraviy mudofaa dasturi doirasidagi loyihalardagi ishtiroki uchun agentlikning "Guruh yutug'i uchun mukofoti" (Group Achievement Award) bilan ham taqdirlangan.

'O‘zbek olimlarining nomi ikki asteroidga berildi'ning rasmi

O'zbekistonlik ikki astronomning nomi xalqaro astronomik kataloglarga kiritildi. Endi ikki kichik sayyora rasman o'zbek olimlari Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov nomi bilan ataladi. Bu haqda O'zbekiston Fanlar akademiyasi ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 9 iyul kuni Xalqaro astronomiya ittifoqining Kichik jismlar nomenklaturasi bo'yicha ishchi guruhi (WGSBN) tomonidan e'lon qilingan rasmiy byulletenida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Astronomiya institutining ikki nafar xodimi sharafiga asteroidlarga nom berilgani qayd etilgan.

Shunga ko'ra, xalqaro astronomik kataloglarda (131358)-raqamli asteroid "Kamolergashev", (121339)-raqamli asteroid esa "Otabekburxonov" nomi bilan ro'yxatga olindi.

Qayd etilishicha, keyinchalik "Kamolergashev" deb nomlangan asteroid dastlab 2001 KA2 vaqtinchalik belgisi bilan ro'yxatga olingan bo'lib, u 2001 yil 19 may kuni Chexiyadagi Ondrjeov observatoriyasida chex astronomlari tomonidan kashf etilgan.

Rasmiy izohda Kamoliddin Ergashev 2007 yildan buyon Fanlar akademiyasi Astronomiya institutida asteroidlar tadqiqoti bilan shug'ullanib kelayotgani, 2024 yilda mazkur yo'nalish bo'yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgani qayd etilgan. Uning ilmiy ishlari asteroidlar fotometriyasi, ravshanlik egri chiziqlarini tahlil qilish, ularning fizik xususiyatlarini aniqlash, shuningdek, asteroid juftliklari, klasterlari va qo'shaloq tizimlarini tadqiq etishga bag'ishlangan.

"Otabekburxonov" nomi berilgan asteroid esa dastlab 1999 TO15 vaqtinchalik belgisi bilan qayd etilgan bo'lib, 1999 yil 13 oktyabr kuni chex astronomlari tomonidan kashf etilgan.

Rasmiy ma'lumotga ko'ra, Otabek Burxonov 2000 yildan buyon Mirzo Ulug'bek nomidagi Astronomiya institutida faoliyat yuritib keladi. U 2005 yilda fan nomzodi ilmiy darajasini olgan. Olimning asosiy tadqiqotlari optik fotometriya, asteroidlar ravshanlik egri chiziqlari, o'zgaruvchan yulduzlar, gravitatsion linzalangan kvazarlar hamda Maydanak observatoriyasida gamma-chaqnashlardan keyingi optik kuzatuvlarni qamrab oladi.

Fanlar akademiyasiga ko'ra, olimlar nomi bilan asteroidlarni nomlash ularning ilm-fan rivojiga qo'shgan hissasiga berilgan yuksak xalqaro e'tirof hisoblanadi. Tasdiqlangan nomlar xalqaro astronomik nomenklaturaga kiritilib, bundan keyin ilmiy maqolalar, kataloglar va efemeridalarda ushbu osmon jismlarining rasmiy nomi sifatida qo'llanadi.

"O'zbekistonlik ikki astronomning nomi asteroidlarga berilgani mamlakat astronomiyasi uchun quvonchli va faxrli voqeadir. O'zbekiston Fanlar akademiyasi hamda Mirzo Ulug'bek nomidagi Astronomiya instituti jamoasi Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonovni ushbu nufuzli xalqaro e'tirof bilan samimiy tabriklaydi", deyiladi xabarda.

Ma'lumot uchun, Kamoliddin Ergashev va Otabek Burxonov NASAning Sayyoraviy mudofaa dasturi doirasidagi loyihalardagi ishtiroki uchun agentlikning "Guruh yutug'i uchun mukofoti" (Group Achievement Award) bilan ham taqdirlangan.

Eslatib o'tamiz, avvalroq "O'zbekkosmos" agentligi O'zbekistonning ilk kosmonavtini 2028 yilda koinotga yuborish rejalashtirilayotganini ma'lum qilgan edi.

    Boshqa yangiliklar