Prezident Shavkat Mirziyoyev Bekobod shahriga tashrifi doirasida “Xos yoz” kanali sohili hamda Do‘stlik mahallasida amalga oshirilgan obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlarini ko‘zdan kechirdi.
Qayd etilishicha, avval qarovsiz va tartibsiz holatda bo‘lgan “Xos yoz” kanali sohili bugungi kunda shaharning zamonaviy dam olish maskanlaridan biriga aylantirilgan. Hududni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan master-reja doirasida 3 kilometr uzunlikda piyodalar yo‘lagi, 5,4 kilometr muhofaza to‘siqlari barpo etildi, shuningdek, 2 ta ko‘prik qurildi.
Loyiha doirasida sohil bo‘yida 27 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ekti ishga tushirilib, 167 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratildi.
Prezident mazkur hududda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlar bilan ham suhbatlashdi.
Ma’lum qilinishicha, Do‘stlik mahallasi 28 gektar maydonni egallaydi. Unda 33 ta ko‘p qavatli turar joy, xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, futbol maydoni, 16 ta sport va bolalar maydonchasi hamda kutubxona faoliyat yuritadi.
Joriy yilda tadbirkorlar tomonidan 1,1 milliard so‘m investitsiya kiritilib, 10 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti va bitta umumiy ovqatlanish shoxobchasi tashkil etildi. Bu orqali yana 25 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Shuningdek, tashabbuskorlar mablag‘lari hisobidan “Vatanparvar bog‘i” barpo etildi. U yerda harbiy texnika namunalari o‘rnatilib, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil qilingan.
“Tashabbusli byudjet” mablag‘lari hisobidan esa Bekobod shahri muzeyi tashkil etildi. Mahallada nuroniylar va mehnat faxriylari uchun uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan yog‘och konstruksiyali yozgi shiypon qurildi.
Davlat rahbari mahallada aholi uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, mahalla faollari va mehnat faxriylari bilan muloqot qildi.
"Barcha amalga oshirayotgan ishlarimiz, barpo etilayotgan ob’ektlarimiz va loyihalarimiz, avvalo, aholiga xizmat qilishi, insonlar hayotini yaxshilashi kerak. Odamlar o‘z mahallasida, shahrida kechayotgan o‘zgarishlarni his qilishi, ularning samarasini kundalik hayotida ko‘rishi zarur.
Har safar hududlarga kelganimizda insonlar Yangi O‘zbekiston islohotlarining nafasini, uning yangilanish va taraqqiyot shabodasini his etishi kerak. Bekobod shahri ham mehnatkash aholisi, iqtidorli yoshlari va hayot tajribasiga ega nuroniylari bilan yanada obod va taraqqiy etgan maskanga aylanishi lozim.
Biz yoshlarimizning orzu-intilishlari, nuroniylarimizning ezgu niyat va maqsadlari ro‘yobga chiqishi uchun barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz", dedi Prezident.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Bekobod shahriga tashrif yakunlanganidan so‘ng davlat rahbari Toshkent shahriga qaytib keldi.






