AsosiyDUNYO

Turkiyaning Bodrum shahrida restorandagi qurolli hujumda 28 yoshli erkak halok bo‘ldi

Dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, hujumchi voqea joyidan piyoda qochib chiqqan va yaqin atrofda uni kutib turgan mototsiklga o'tirib, hodisa joyini tark etgan.

'Turkiyaning Bodrum shahrida restorandagi qurolli hujumda 28 yoshli erkak halok bo‘ldi'ning rasmi

Turkiyaning Mug‘la viloyatiga qarashli Bodrum tumanida joylashgan restoranlardan birida sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida 28 yoshli Muhammar Bilik halok bo‘ldi. Bu haqda Cumhuriyet nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa bugun, 13 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 00:30 atrofida Bitez sohilidagi restoranlardan birida sodir bo‘lgan. Muhammar Bilik uch nafar tanishi bilan ovqatlanayotgan vaqtda hojatxonaga chiqqan. U stoliga qaytayotganida noma’lum shaxs uning ortidan bir necha marta o‘q uzgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hujumchi voqea joyidan piyoda qochib chiqqan va yaqin atrofda uni kutib turgan mototsiklga o‘tirib, hodisa joyini tark etgan.

Otishma ovozlaridan so‘ng restoranda bo‘lganlar orasida sarosima yuzaga kelgan. Mijozlar hududni zudlik bilan tark etgan va voqea haqida favqulodda xizmatlarga xabar berilgan.

Hodisa joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari Muhammar Bilik olgan jarohatlari oqibatida voqea joyining o‘zida vafot etganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng hudud politsiya tomonidan o‘rab olinib, Bodrum prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari boshlangan.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, gumondor hujumdan avval Bitez sohilidagi bir nechta muassasaga kirib, Muhammar Bilikni qidirgan. Hozirda uning shaxsiga aniqlik kiritish va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli qidiruv tadbirlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar