Toshkent shahar sudi ijtimoiy tarmoqlar va ayrim ommaviy axborot vositalarida “Real Sanjik” nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovning himoyachisi Oybek Ashurovning apellyatsiya shikoyati sud tomonidan qabul qilinmaganligi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Sud matbuot xizmatiga ko'ra, mazkur ma'lumotlar haqiqatga to'g'ri kelmaydi. Ayni paytda Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo'yicha sudlov hay'ati tomonidan apellyatsiya tartibida ko'rib chiqilmoqda.
Qayd etilishicha, advokat Oybek Ashurov avval ommaviy axborot vositalariga bergan izohida o'zining apellyatsiya shikoyati qabul qilinmaganligi sababli sud majlisi boshqa kunga qoldirilganligini bildirgan edi. Biroq sud tomonidan o'tkazilgan o'rganishlar davomida advokat hukm ustidan apellyatsiya shikoyatini avval aytilganidek 18 may kuni emas, balki 30 iyun kuni elektron shaklda tuman sudiga yuborganligi aniqlangan.
Sudning tushuntirishicha, shikoyat berish muddati o'tgan bo'lsa-da, hukm hali qonuniy kuchga kirmagan. Shuningdek, ish sudlanuvchining boshqa himoyachilari tomonidan o'z vaqtida berilgan apellyatsiya shikoyatlari asosida apellyatsiya instansiyasida ko'rib chiqilayotganligi inobatga olinib, muddatni tiklash haqidagi iltimosnoma qanoatlantirilgan.
Shu tariqa advokat Oybek Ashurov ham boshqa himoyachilar qatorida joriy sud majlisida ishtirok etgan.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati advokatlarning odil sudlovni amalga oshirishdagi o'rni muhim ekanligini ta'kidlar ekan, ularni ommaviy axborot vositalari orqali shaxsiy huquqiy pozitsiyasini aniq isbotlangan fakt sifatida taqdim etib, jamoatchilikni chalg'itishdan tiyilishga chaqirdi.
Ma'lum qilinishicha, Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo'yicha navbatdagi apellyatsiya sud majlisi 20 iyul kuni davom ettiriladi.
Eslatib o'tamiz, Jinoyat ishlari bo'yicha Mirzo Ulug'bek tuman sudi joriy yilning 8 may kuni Sanjar Karimovni firibgarlik, o'ldirish yoki zo'rlik ishlatish bilan qo'rqitish hamda giyohvandlik vositalari bilan bog'liq jinoyatlarda aybdor deb topgan edi. Sud unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, BHMning 410 baravari miqdorida jarima jazosini tayinlagan. Hukmdan norozi bo'lgan Sanjar Karimov yuqori instansiya sudiga shikoyat kiritgan.






