AsosiyJAMIYAT

Jaziramada bolalarni ochiq havodagi tadbirlarga jalb qilish holatlari yuzasidan munosabat bildirildi

Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o‘tkazilgan ayrim tadbirlarda bolalarning yuqori harorat va to‘g‘ridan to‘g‘ri quyosh nurlari ostida bo‘lishi ularning salomatligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin.

'Jaziramada bolalarni ochiq havodagi tadbirlarga jalb qilish holatlari yuzasidan munosabat bildirildi'ning rasmi

O'zbekistonning qator hududlarida iyul oyining dastlabki o'n kunligida maktab o'quvchilari va maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyalanuvchilari jazirama ob-havo sharoitida ochiq maydonlardagi tadbirlarga jalb qilindi. Bu holat yuzasidan Bolalar ombudsmani rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida o'tkazilgan ayrim tadbirlarda bolalarning yuqori harorat va to'g'ridan to'g'ri quyosh nurlari ostida bo'lishi ularning salomatligi uchun xavf tug'dirishi mumkin. Shu bois mas'ullarga jazirama paytida bolalarni ochiq havadagi tadbirlarga jalb qilishni cheklash chaqirig'i yo'llandi.

Bolalar ombudsmani bunday holatlar belgilangan sanitariya va xavfsizlik talablariga zid ekanini ta'kidlab, bolalarning sog'lig'ini xavf ostiga qo'ygan mas'ullarga nisbatan tegishli choralar ko'rilishi, shuningdek, kelgusida bu kabi holatlarning oldi olinishi ta'minlanishi lozimligini bildirdi.

Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta'limi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda anomal issiq kunlarda “Dolzarb 90 kun” tadbirlari ochiq maydonda o'tkazilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.

Boshqarma ma'lumotiga ko'ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolar joriy kunlarda emas, balki 8 iyul kuni Dehqonobod tumanida tashkil etilgan tadbir davomida tasvirga olingan.

Rasmiylarga ko'ra, hozirda barcha hududiy bo'limlarga anomal issiq davrida “Dolzarb 90 kun” tadbirlarini imkoni boricha salqin va yopiq binolarda o'tkazish, o'quvchilarning salomatligi hamda xavfsizligini ustuvor vazifa sifatida ta'minlash yuzasidan tegishli ko'rsatmalar berilgan.

Shuningdek, boshqarma ayrim ijtimoiy tarmoq sahifalari holatga rasmiy manbalar orqali aniqlik kiritmasdan turib ma'lumot tarqatganini ham tanqid qildi.

    Boshqa yangiliklar