Toshkent viloyatining Zangiota tumani va Farg‘ona viloyatining Buvaida tumanida davlat xizmatchilarining pora talab qilgani bilan bog‘liq ikki holat fosh etildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida xalq orasida “Chinni bozor” nomi bilan tanilgan “Xo‘jalik mollari va hunarmandlar savdo kompleksi”da faoliyat yurituvchi yakka tartibdagi tadbirkor faoliyati yuzasidan soliq tekshiruvi o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida tadbirkor savdo tushumlarini mobil ilovalar orqali shaxsiy bank plastik kartasiga qabul qilib, ularni yakka tartibdagi tadbirkor hisob raqamiga kirim qilmagani aniqlangan.
Shundan so‘ng Zangiota tumani Soliq inspeksiyasining bosh inspektori tadbirkorga 160 million so‘m miqdorida jarima qo‘llanilishini bildirib, ushbu masalani ijobiy hal qilib berish evaziga 1000 AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda bosh inspektorning topshirig‘i bilan tadbirkordan pulni qabul qilib olgan vositachi ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatining Buvaida tumanida ham qayd etilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Buvaida tumani Elektr ta’minoti korxonasi muhandisi o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorga hududdagi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni mijoz sifatida yo‘naltirish, panellarni o‘rnatish uchun zarur hujjatlarni rasmiylashtirish hamda texnik shart olib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandis tadbirkordan 1000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.






