AsosiyJAMIYAT

Telegram’da t.me havolalari ishlamay qoldi

Pavel Durov muammo yuzasidan t.me domen zonasi operatoriga murojaat qilib, holatni tekshirishni so‘ragan.

'Telegram’da t.me havolalari ishlamay qoldi'ning rasmi

Telegram messenjeridagi t.me qisqa havolalari butun dunyo bo'ylab ishlamay qoldi. Bu haqda messenjer asoschisi Pavel Durov o'zining X ijtimoiy tarmog'ida ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, 14 iyul kuniga o'tar kechasi Telegram’ga tegishli t.me domeni global DNS tizimidan chiqarilgan. Shuning ortidan mazkur domen orqali yaratilgan kanallar, guruhlar, profillar va taklif havolalari ishlamay qolgan.

Pavel Durov muammo yuzasidan .me domen zonasi operatoriga murojaat qilib, holatni tekshirishni so'ragan.

"Salom, @domainME. t.me havolalari ishlamay qoldi. Buni tekshirib ko'ra olasizmi?", deb yozgan u.

Hozircha t.me domenining nega ishlamay qolganiga oid rasmiy izoh berilmagan. Shuningdek, .me domen zonasi operatori ham mazkur holat yuzasidan hech qanday bayonot bermagan.

Telegram vaqtinchalik yechim sifatida yangi havolalarni telegram.me domeni orqali shakllantirishni boshladi. Endilikda ilovada kanal, post yoki profil havolasi nusxalanganda t.me o'rniga telegram.me manzili ko'rsatilmoqda.

Qayd etilishicha, muammo domenning amal qilish muddati tugagani bilan bog'liq emas. t.me domeni Telegram nomi uchun 2035 yil may oyigacha ro'yxatdan o'tkazilgan bo'lib, uning nom serverlarida ham hech qanday o'zgarish kuzatilmagan.

    Boshqa yangiliklar