Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanida bir oilaning uch a'zosida quturish kasalligi aniqlangani haqida tarqalgan xabarlar yuzasidan Qashqadaryo viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma'lum qilinishicha, joriy yilning 10 iyul kuni Kitob tumanida yashovchi, 47 yoshli fuqaro xavfli yuqumli kasallik gumoni bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Epidemiologik surishtiruv davomida ushbu fuqaroni taxminan bir oy avval tulki bolasi tirnagani aniqlangan. Afsuski, u 11 iyul kuni vafot etgan.
Hozirda marhumning o'lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Boshqarma ma'lumotiga ko'ra, mazkur hududda yashovchi uch nafar fuqaro ehtiyot chorasi sifatida tibbiy ko'rikdan o'tkazilgan. Ularda quturish kasalligining klinik belgilari aniqlanmagan.
Ayni vaqtda ushbu fuqarolar shifokorlar nazoratiga olingan bo'lib, ularga nisbatan zarur profilaktik emlash tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Kitob tumanida Qashqadaryo viloyati Sog'liqni saqlash boshqarmasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda veterinariya mutaxassislari hamkorligida epidemiologik vaziyat to'liq nazoratga olingani bildirildi.
Mutasadidlar aholidan asossiz xavotirga berilmaslikni, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan esa tekshirilmagan va haqiqatga to'g'ri kelmaydigan ma'lumotlarni tarqatmaslikni so'radi.






