Joriy yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda 18 nafar ichki ishlar organi xodimi xizmat vazifasini bajarish vaqtida vafot etgan. Bu haqda bugun, 14 iyul kuni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov Ichki ishlar organlari faoliyatining 2026 yil birinchi yarim yilligi yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, shu davr mobaynida xizmat vazifasini bajarish chog‘ida yana 78 nafar ichki ishlar organi xodimi turli xavfli vaziyatlarni bartaraf etish jarayonida jarohat olgan.
"2026 yilning o‘zida 18 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etdi. Ularning yorqin xotirasi qalbimizda mangu saqlanadi. Shu bilan birga, 78 nafar safdoshimiz turli xavfli vaziyatlarni bartaraf etish jarayonida jarohatlandi", dedi Ramazon Ashropov.
Ma’lumot uchun, 2025 yilda xizmat vazifasini bajarish vaqtida 6 nafar ichki ishlar organi xodimi vafot etgan, 131 nafari esa jarohatlangan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 21 noyabr kuni Namangan viloyatining Davlatobod tumanida haydovchilik huquqini tasdiqlovchi hujjatga ega bo‘lmagan haydovchi xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati katta serjanti Vahobjon Mo‘minovni urib ketishi oqibatida u vafot etgan edi.
Keyinchalik sud haydovchiga nisbatan uch yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda olti yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Shuningdek, joriy yilning 25 fevral kuni BMW avtomashinasini boshqargan 10-sinf o‘quvchisi yo‘l-patrul xizmati xodimini urib ketishi oqibatida xodim halok bo‘lgan edi.






