AsosiyJAMIYAT

Turkiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayol vatanga qaytarildi

Fuqaro Turkiya shifokorlari tomonidan jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

'Turkiyada og‘ir ahvolda qolgan o‘zbekistonlik ayol vatanga qaytarildi'ning rasmi

Turkiyada yo‘l-transport hodisasiga uchrab, og‘ir ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qildi.

Ma’lum qilinishicha, N.A. ismli O‘zbekiston fuqarosi mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida Turkiyaga borgan. U ishlayotgan oilasi bilan birga yo‘l-transport hodisasiga uchrab, tanasining bir necha joyidan og‘ir jarohat olgan.

Fuqaro Turkiya shifokorlari tomonidan jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilib, unga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Biroq davolanish yakunlanganidan so‘ng u turar joysiz, moddiy mablag‘siz va og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi hamkorligida uning O‘zbekistonga xavfsiz qaytarilishi ta’minlangan.

Qayd etilishicha, shifoxona tomonidan fuqaroning samolyotda parvoz qilishi mumkinligi haqida "Fit to Fly" tibbiy xulosasi berilgan. Shunga qaramay, uning sog‘lig‘i alohida e’tibor va ehtiyotkorlikni talab qilgani uchun qaytarish jarayoni maxsus tartibda tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Bolgariya Respublikasida og‘ir moddiy va ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan olti nafar O‘zbekiston fuqarosi ham Vatanga qaytarilgan edi.

    Boshqa yangiliklar