Toshkent shahri va Qashqadaryo viloyatida mansabdor shaxslar ishtirokidagi korruptsiya holatlariga chek qo‘yildi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, Toshkent shahrida Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish markazining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga yer maydonini ijaraga rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalani hal qilib berishni va’da qilgan.
U, tanishlari orqali "Toshkent shahar sanoat zonalarini boshqarish direksiyasi" davlat muassasasi balansidagi yer maydonidan joriy yil davomida foydalanish uchun ijara shartnomasini rasmiylashtirish, ijara haqini kamaytirish hamda korxonaning 2025 yildan qolgan qarzdorligini bartaraf etish evaziga 15 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Toshkent viloyati boshqarmalari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shunga o‘xshash holat Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida ham aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, tuman Elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i o‘rinbosari elektr tarmog‘iga noqonuniy ulanish holati bo‘yicha sudda ko‘rilayotgan jinoyat ishida fuqaroviy da’vogar sifatida ishtirok etgan.
U korxona manfaatlariga yetkazilgan 103 million so‘m zararni tanishlari orqali 34 million so‘mga kamaytirib berganini aytib, buning evaziga fuqarodan 17 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida mansabdor shaxs pul mablag‘ini turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.






