Belarusdagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi farzandli bo‘ldi. Keyinchalik chaqaloq O‘zbekistonga olib kelinib, yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilning 15 may kuni O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Ombudsman tashabbusi bilan Minsk shahridagi tergov hibsxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashgan.
Uchrashuv chog‘ida homilador ayol tergov hibsxonasi sharoitida farzandini yetarli darajada parvarish qilish imkoniyati cheklanganini bildirib, chaqaloq tug‘ilgach, uni O‘zbekistondagi yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirishda amaliy yordam so‘ragan.
Shundan so‘ng murojaat nazoratga olinib, farzand dunyoga kelgach, tegishli davlat organlari, O‘zbekistonning Belarus Respublikasidagi diplomatik vakolatxonasi hamda MDH Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasi hamkorligida zarur huquqiy va konsullik tartib-taomillari amalga oshirilgan.
Natijada chaqaloqning O‘zbekistonga qaytarilishi uchun barcha zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan. Joriy yil iyul oyida u yaqin qarindoshlari qaramog‘iga topshirilib, O‘zbekistonga olib kelingan.
Ombudsman ushbu jarayon xorijda turli huquqiy holatlarga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha hamkorlik ishlari doirasida amalga oshirilganini ma’lum qildi.






