O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning akasi, professor Abdurazzoq Oripov vafot etdi. Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, marhum bilan vidolashuv va janoza namozi 16 iyul kuni soat 08:00 da Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridagi "Samarqand" mahallasi, Yangi tong ko‘chasi, 23-uy manzilida o‘qiladi.
Ma’lumot uchun, Abdurazzoq Oripov Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetining O‘simlikshunoslik va em-xashak yetishtirish kafedrasi professori sifatida faoliyat yuritgan.
U O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning akasi edi.
Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, shoir, tarjimon va jamoat arbobi sifatida tanilgan. U O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi matni muallifi ham hisoblanadi. Shoir 2016 yil 5 noyabr kuni AQShning Xyuston shahrida 75 yoshida vafot etgan.






