AsosiyJAMIYAT

Toshkentda qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm "geroin" va 100 gramm "mefedron" ekani aniqlangan.

'Toshkentda qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositasi musodara qilindi'ning rasmi

Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qariyb 3,2 kilogramm giyohvandlik vositasi noqonuniy muomaladan olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, "Xavfsiz va sog‘lom yurt" keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boshqarmasi hamda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan bir nechta tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Dastlabki holatda Bektemir tumani hududida harakatlanayotgan "Gentra" rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilgan. Unda Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgan. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda bir nechta zip-paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar aniqlangan.

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, gumondorlar avvaldan yashirib qo‘ygan maxfiy joy hamda ijaraga olgan xonadonda ham kukunsimon moddalar, elektron tarozi va giyohvandlik vositalarini qadoqlash uchun ishlatiladigan anjomlar topilgan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm "geroin" va 100 gramm "mefedron" ekani aniqlangan.

Qayd etilishicha, ushbu ikki shaxs ham muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.

Yana bir tezkor tadbirda esa Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning xonadonidan 47 gramm "gashish" va 34 gramm "opiy" musodara qilingan.

Tergov davomida uni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgani gumon qilinayotgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlangan. Ularning avtomashinalari va yashash manzillarini ko‘zdan kechirish chog‘ida jami 1,8 kilogramm "gashish" va 12 gramm "opiy" aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar