Toshkent shahrida tarbiyalanuvchilarga nisbatan zo'ravonlik holati aniqlangan "Rayyan Kids Land" nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotining litsenziyasi bekor qilindi. Bu haqda Toshkent shahar sudlari xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 14 iyul kuni Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining "Rayyan Kids Land" oilaviy korxonasiga berilgan litsenziyani bekor qilish haqidagi arizasi ko'rib chiqilgan.
Muhokama yakuniga ko'ra, sudning hal qiluv qarori bilan mazkur nodavlat ta'lim tashkilotiga 2025 yil 13 avgustda berilgan litsenziya bekor qilingan.
Qayd etilishicha, ta'lim muassasasi tomonidan litsenziya talablari va shartlari qonunchilikda belgilangan oltita holat bo'yicha qo'pol ravishda buzilgan. Jumladan, 24 iyun kuni tarbiyachi A.G. tarbiyalanuvchilardan biriga nisbatan jismoniy va ruhiy zo'ravonlik qo'llagani, yig'layotgan bolaning og'ziga latta tiqqani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Uchtepa tumani Ichki ishlar organlari Faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi Tergov bo'limi tomonidan Jinoyat kodeksining 110-moddasi (qiynash) alomatlari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan. Shuningdek, ayrim tarbiyalanuvchilarning tan jarohatlari yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
Bu mazkur ta'lim muassasasida qayd etilgan birinchi zo'ravonlik holati emas. Avvalroq, joriy yil may oyida ham tarbiyachilardan biri bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortilib, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida jarimaga tortilgan edi.
Eslatib o'tamiz, yaqinda Senat tomonidan ma'qullangan qonunga muvofiq, bolalarga nisbatan zo'ravonlik qilgani uchun ma'muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga bir yil davomida maktabgacha ta'lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug'ullanish taqiqlanishi nazarda tutilgan.






