AsosiyJAMIYAT

Mirziyoyev Belarus bilan hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi topshiriqlar berdi

Prezident ushbu kelishuvlarni qisqa muddatlarda amaliy natijaga aylantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlarni ta’minlash muhimligini ta’kidlagan.

'Mirziyoyev Belarus bilan hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha yangi topshiriqlar berdi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoev Belarus Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi davomida hududlararo hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning ijrosiga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarining 8–9 iyul kunlari Belarusga amalga oshirgan tashrifi yakunida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirbosh qilish hajmini 2 milliard dollarga yetkazish hamda mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, to‘qimachilik, yog‘ochni qayta ishlash va tibbiyot sohalarida umumiy qiymati 2 milliard dollarlik 310 ta loyiha va chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.

Prezident ushbu kelishuvlarni qisqa muddatlarda amaliy natijaga aylantirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish o‘rinlarini yaratish, tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlarni ta'minlash muhimligini ta'kidlagan.

Taqdimotda Belarus hududlarida qo‘shma ishlab chiqarishlarni tashkil etish, agrar kooperatsiyani rivojlantirish va o‘zbekistonlik fuqarolarni tashkiliy tartibda ish bilan ta'minlash imkoniyatlari haqida ham ma'lumot berilgan.

Shu munosabat bilan Belarusda mehnat qilish yoki biznes yuritish istagidagi fuqarolar va tadbirkorlar ro‘yxatini oldindan shakllantirish, ularning ish joyi, yashash sharoiti hamda loyihalar uchun zarur infratuzilmani kelishib olish vazifasi belgilangan.

Shuningdek, Andijon viloyati va Vitebsk viloyati o‘rtasidagi hamkorlik natijalari muhokama qilingan. Ma'lum qilinishicha, ikki hudud o‘rtasida tasdiqlangan “yo‘l xaritasi” doirasida 255 nafar andijonlik Vitebsk viloyatiga tashkiliy asosda yuborilib, ish bilan ta'minlangan.

Bundan tashqari, 11 ta chorvachilik majmuasi negizida yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. “Andijon invest” kompaniyasi ishtirokida yirik chorvachilik kompleksi va sanatoriy majmuasi negizida investitsiya hamda ijtimoiy loyihalarni boshlash choralari ko‘rilmoqda.

Umuman olganda, Vitebsk hamda Belarusning boshqa hududlarida chorvachilik, yog‘ochni qayta ishlash, logistika, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan 30 ta yangi loyiha shakllantirilgan.

Prezident Andijon–Vitebsk hamkorligi tajribasini boshqa hududlarga ham tatbiq etish bo‘yicha topshiriq berdi. Unga ko‘ra, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Toshkent, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari Belarusning Vitebsk, Mogilyov, Grodno, Gomel va Brest viloyatlari bilan hamkorlik o‘rnatadi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha alohida “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilib, sanoat va agrar sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, har bir hududdan 30 nafar yetakchi tadbirkorni Belarusga olib borib, mahalliy sheriklar bilan qo‘shma loyihalarni boshlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda logistika infratuzilmasini rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Yil yakuniga qadar Vitebsk viloyatidagi Orsha stansiyasida eksport-import yuklariga xizmat ko‘rsatuvchi intermodal logistika markazini ishga tushirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri blok-poezdlar qatnovini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Fuqarolarni ish bilan ta'minlash masalasiga ham alohida e'tibor qaratildi. Birinchi bosqichda Vitebsk va Belarusning boshqa hududlaridagi 13 ta korxonaga 1100 nafar O‘zbekiston fuqarosini ishga joylashtirish rejalashtirilgan. Sentyabrdan boshlab esa har oy 500 nafardan, jami 5 ming nafar andijonlikni Vitebsk viloyatida doimiy ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilgan. Bu maqsadda Vitebsk shahrida Migratsiya agentligining vakolatxonasi ochiladi.

Prezident har bir erishilgan kelishuv aniq loyiha, yangi korxona, qo‘shimcha savdo hajmi va yangi ish o‘rinlariga aylanishi shartligini ta'kidlab, mutasaddilarga “yo‘l xaritalari” ijrosini doimiy nazorat qilish va tanqidiy tahlil qilib borish bo‘yicha topshiriq berdi.

    Boshqa yangiliklar