AQSh Prezidenti Donald Tramp Eron bilan davom etayotgan harbiy-siyosiy qarama-qarshilik tez orada Vashington foydasiga hal bo‘lishini aytdi. Bu haqda Zamon.uz maʼlum qildi.
"Biz tez orada Eronni mag‘lub etamiz. Ular juda tez orada mag‘lub bo‘ladi", dedi Tramp.
So‘nggi haftalarda AQSh va Eron o‘rtasidagi keskinlik yanada kuchaydi. AQSh harbiy qo‘mondonligi maʼlumotiga ko‘ra, 8 iyuldan boshlab Eron hududidagi bir qator nishonlarga zarbalar berilgan. Vashington bu amaliyotlarni Tehronning Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakatlanayotgan tijorat kemalariga qarshi harakatlariga javob sifatida izohlagan.
Eron esa bunga javoban Yaqin Sharqdagi ayrim AQSh harbiy obyektlariga zarbalar berganini maʼlum qildi.
12 iyul kuni Tehron AQShning mintaqadagi harbiy aralashuvi davom etar ekan, Hormuz bo‘g‘ozini yopishini eʼlon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Tramp Eronga nisbatan "to‘liq dengiz blokadasi" joriy etilganini bildirib, bu chora Eron portlariga kirayotgan yoki u erdan chiqayotgan, shuningdek, Eron yuklarini tashiyotgan barcha kemalarga nisbatan tatbiq etilishini maʼlum qildi.
Shuningdek, AQSh Prezidenti avvalroq Eronni "o‘zini yaxshi tutishga" chaqirgan va hozircha Tehron bilan muzokaralarni qayta tiklash bo‘yicha aniq muddat belgilash niyati yo‘qligini taʼkidlagan.






