AsosiySIYOSAT

"Yetishmayotgan jihat – mas’uliyat va tashabbuskorlik". Prezident mahalla raislarini tanqid qildi

Yig‘ilishda aholini ish bilan ta’minlashga qaratilgan mikroloyihalar ham tahlil qilindi.

'"Yetishmayotgan jihat – mas’uliyat va tashabbuskorlik". Prezident mahalla raislarini tanqid qildi'ning rasmi

Prezident Shavkat Mirziyoyev ayrim mahalla raislari oʻz hududini rivojlantirish masalalariga yetarlicha tashabbus koʻrsatmayotganini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 16 iyul kuni mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda "mahalla yettiligi" faoliyatini takomillashtirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida soʻz yuritdi.

Prezidentning taʼkidlashicha, joriy yilda infratuzilmani yaxshilash, aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida tumanlarga oʻrtacha 250 milliard soʻmdan, mahallalarga esa oʻrtacha 5,5 milliard soʻmdan mablagʻ yoʻnaltirilgan.

Shuningdek, tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum boʻyicha vakolatlari kengaytirilishi natijasida hududlarda qoladigan qoʻshimcha daromad hajmi ikki baravargacha oshgan. Xususan, tumanlarda oʻrtacha 22 milliard soʻmdan, mahalla budjetlarida esa 150–200 million soʻm atrofida qoʻshimcha mablagʻ shakllangan.

"Lunda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, “yettilik”ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – masʼuliyat va tashabbuskorlik", dedi Prezident.

Yigʻilishda qayd etilishicha, tahlillar ayrim mahallalarda muammolar oʻz vaqtida hal etilmayotganini koʻrsatgan. Joriy yilning oʻzida Xalq qabulxonalari orqali 87 ta mahallaning har biridan 200 tadan ortiq murojaat kelib tushgan.

Prezident bu holatni ayrim mahalla raislari oʻz hududi uchun master-reja ishlab chiqmayotgani, boʻsh yer maydonlari va bino-inshootlarni iqtisodiy aktivga aylantirish imkoniyatlarini izlamayotgani, shuningdek, yuqori tashkilotlar rahbarlari oldiga aniq taklif va masalalar qoʻya olmayotgani bilan izohladi.

Shuningdek, "Tashabbusli budjet" dasturi doirasida joriy yil 7,5 trillion soʻm ajratilgan boʻlsa-da, 2 136 ta mahallada biron ham loyiha gʻolib boʻlmagani tanqid qilindi. Davlat rahbari mahalladagi hamjihatlik, daxldorlik va tashabbuskorlik aynan amaliy natijalar orqali baholanishini taʼkidladi.

Yigʻilishda aholini ish bilan taʼminlashga qaratilgan mikroloyihalar ham tahlil qilindi. Qayd etilishicha, soʻnggi olti oyda banklar tomonidan kichik biznes va mikroloyihalar uchun 18,5 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan. Bu hisobdan 110 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 259 ming nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan.

Biroq, Prezident taʼkidlaganidek, 47 ta mahallada bor-yoʻgʻi ikkitadan mikroloyiha ishga tushirilgan boʻlib, bu mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanilmayotganini koʻrsatadi.

    Boshqa yangiliklar