AsosiyJAMIYAT

Obod mahallalar tanlovi o‘tkaziladi, g‘oliblarga soliq imtiyozlari beriladi

Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda "mahalla yettiligi" faoliyatini takomillashtirishga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ma'lum qildi.

'Obod mahallalar tanlovi o‘tkaziladi, g‘oliblarga soliq imtiyozlari beriladi'ning rasmi

Davlat rahbari mehnat munosib rag‘bat bilan baholanishi kerakligini ta’kidlab, yil yakunlari bo‘yicha "Eng orasta xonadon", "Eng fayzli hovli", "Eng obod ko‘cha" va "Eng namunali mahalla" nominatsiyalari bo‘yicha tanlovlar o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, tanlov g‘olibi bo‘lgan ko‘p qavatli uylardagi kvartira egalariga mol-mulk solig‘i bo‘yicha, hovli-joy sohiblariga esa yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar beriladi.

Shuningdek, mahallada samarali faoliyat yuritib, ilg‘or tajriba yaratgan "mahalla yettiligi" a’zolari ham munosib taqdirlanadi. Ularning ish uslubi boshqa hududlar uchun namuna sifatida ommalashtirilishi, mahallalardagi ilg‘or tajribalar esa ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda hududlarni obodonlashtirish ishlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, mamlakatda temir yo‘llar atrofini tartibga keltirish ishlari boshlangani ma’lum qilindi. Ta’kidlanishicha, Toshkent–Xiva temir yo‘l yo‘nalishi bo‘yida 285 ta mahalla joylashgan bo‘lib, mazkur yo‘nalish 45 ta tuman hududidan o‘tadi.

Shu munosabat bilan qolgan viloyat hokimlariga ham bir hafta muddatda o‘z hududidan o‘tuvchi magistral avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar atrofini, shuningdek, ular yonidagi uy-joylar hamda tijorat ob’ektlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish vazifasi yuklatildi.

Prezident ikki hafta ichida mazkur hududlarni namunaviy qiyofaga keltirish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish va aniq amaliy natijalarga erishish yuzasidan topshiriq berdi.

    Boshqa yangiliklar