AsosiyJAMIYAT

Ijtimoiy reestrdagi adolatsiz rad etishlar tanqid qilindi

Prezident Bosh prokuraturaga topshiriq berdi.

'Ijtimoiy reestrdagi adolatsiz rad etishlar tanqid qilindi'ning rasmi

O'zbekistonda mahallalarda ijtimoiy yordam ko'lamini kengaytirish masalasi muhokama qilinib, ehtiyojmand aholini Ijtimoiy reestrga kiritishdagi qonunbuzilishlar keskin tanqid qilindi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda "mahalla yettiligi" faoliyatini takomillashtirishga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ma'lum qildi.

Davlat rahbari joylarda ayrim fuqarolarni Ijtimoiy reestrga kiritish asossiz ravishda rad etilayotgani yoki ular sun'iy ravishda reestrdan chiqarilayotganini qayd etdi.

Buning oqibatida ehtiyojmand oilalar davlat tomonidan kafolatlangan ijtimoiy xizmatlardan, jumladan, ijtimoiy nafaqalar, bolalarni bog'cha va to'garaklarga joylashtirish imkoniyatlaridan foydalana olmayotgani ta'kidlandi. 

Yig'ilishda keltirilgan ma'lumotlarga ko'ra, 184 ta mahallada bir oy davomida kelib tushgan 2 mingta arizaning barchasi asossiz ravishda rad etilgan.

Bunday holatlar, ayniqsa, Andijon viloyatining Bo'ston va Oltinko'l, Sirdaryo viloyatining Xovos, Farg'ona viloyatining Toshloq, Jizzax viloyatining Sharof Rashidov, Navoiy viloyatining Uchquduq hamda Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanlarida ko'p uchrayotgani qayd etildi.

Shu sababli Ijtimoiy reestrga kiritish masalasi bo'yicha Prezident nomiga kelib tushayotgan murojaatlar yil boshidan buyon 1,5 baravarga oshib, 30 mingdan 46 mingtaga yetgan.

Prezident Bosh prokuraturaga Ijtimoiy reestrning qonuniy va shaffof yuritilishi ustidan qat'iy nazorat o'rnatish vazifasini yuklatdi.

Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori birinchi o'rinbosari Shaxnoza Mirziyoyevaga Ijtimoiy reestrning haqqoniyligi bo'yicha Prezidentga muntazam axborot berib borish topshirildi.

Yig'ilishda mutasaddilar oldiga yil yakuniga qadar nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uylarga joylashtirish kabi 25 turdagi ijtimoiy xizmatlarni mahalla darajasiga tushirish vazifasi qo'yildi.

Bundan tashqari, uch oy ichida demensiya va aqliy zaifligi bo'lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmatlari hamda "Madad" uylari, 75 ta mahallada o'zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun "Faol hayot" dasturi yo'lga qo'yiladi. Shuningdek, qarovsiz qolgan va zo'ravonlikdan jabrlangan bolalar uchun "Qo'llab-quvvatlash markaz"lari tashkil etilishi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar