Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo'nalishida joylashgan "Turon" metro bekatida tom konstruktsiyasining bir qismi siljib tushdi. Hodisa oqibatida ikki nafar yo'lovchi yengil tan jarohati oldi. Bu haqda "Toshkent metropoliteni" ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, bugun, 16 iyul kuni soat 14:34 da "Turon" bekatida tom konstruktsiyasining bir qismi siljigan. Yo'lovchilar xavfsizligini ta'minlash maqsadida mazkur bekat orqali poyezdlar harakati zudlik bilan vaqtincha to'xtatilgan.
Hozirda mutaxassislar hodisa sabablarini aniqlash yuzasidan texnik o'rganish ishlarini olib bormoqda.
Qayd etilishicha, voqea natijasida ikki nafar yo'lovchi yengil tan jarohati olgan. Ularga hodisa joyining o'zida birinchi tibbiy yordam ko'rsatilgan.
Yo'lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida "Qipchoq" va "Quruvchilar" metro bekatlari o'rtasida bepul metrobuslar qatnovi tashkil etilgan.
E'tiborlisi, mazkur yo'nalishda qurilish sifati bilan bog'liq muammolar avval ham kuzatilgan. Jumladan, 2025 yil iyun oyida Transport prokuraturasi "Texnopark" – "Qipchoq" uchastkasida o'tkazilgan o'rganishlar davomida bir qator qurilish kamchiliklarini aniqlab, ularni bartaraf etish bo'yicha ko'rsatmalar bergan edi. O'shanda ayrim uchastkalarda relslar va shpallar to'liq demontaj qilinib, qayta yotqizilgan.
Ma'lumot uchun, "Turon" metro bekati "Quruvchilar" – "Qipchoq" uchastkasi tarkibida 2024 yil 11 mart kuni foydalanishga topshirilgan.
Loyihada buyurtmachi sifatida "O'zbekiston temir yo'llar" aksiyadorlik jamiyati, bosh pudratchi sifatida esa "Ko'prikqurilish" aksiyadorlik jamiyati ishtirok etgan. Bekatning alohida qurilish qiymati ochiqlanmagan bo'lsa-da, Yer usti halqa metro liniyasi loyihasining umumiy qiymati 354,36 million AQSh dollarini tashkil etgan.






