Jazoir poytaxti yaqinida joylashgan bolalar uyida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi, yana 19 kishi turli darajada jarohat oldi. Bu haqda Euronews xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa bugun, 16 iyul kuni mahalliy vaqt bilan soat 03:30 atrofida poytaxt Aljirning sharqidagi Muhammadiya kommunasida joylashgan bolalar uyida sodir bo‘lgan.
Voqea joyiga zudlik bilan qutqaruv xizmatlari yetib borgan. Yong‘inni bartaraf etish ishlariga oltita yong‘in o‘chirish avtomobili, oltita tez tibbiy yordam brigadasi hamda maxsus texnika jalb qilingan.
Dastlab yong‘in oqibatida 16 kishi jabrlangani haqida xabar berilgan edi. Keyinroq yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, jarohatlanganlar soni 19 nafarga yetgan. Ular orasida kuyish jarohati olganlar, tutundan zaharlanganlar va nafas olishida muammolar yuzaga kelganlar bor.
Shuningdek, qutqaruvchilar yordamga muhtoj bo‘lgan yana besh kishini binodan evakuatsiya qilgan. Hozirda yong‘in kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda. Qutqaruvchilar voqea joyida qidiruv va tekshiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Jazoir Bosh vaziri Sifi G‘reb shifoxonaga tashrif buyurib, jabrlanganlarning holidan xabar olgan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi kunlarda Jazoirda kuchli issiq to‘lqini kuzatilmoqda. Mutaxassislar aynan yuqori harorat mamlakatning turli hududlarida yong‘inlar soni ortishiga sabab bo‘layotganini qayd etmoqda.






