AsosiyJAMIYAT

G‘ijduvon va Nukus tumanida qalbaki va noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi

Tezkor tadbir chog‘ida 111 turdagi jami 25 ming 716 dona dori vositasi, bo‘sh quti, yorliq, yo‘riqnoma hamda boshqa ashyoviy dalillar olib qo‘yilgan.

'G‘ijduvon va Nukus tumanida qalbaki va noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi'ning rasmi

Buxoro viloyatining G'ijduvon tumani hamda Qoraqalpog'iston Respublikasining Nukus tumanida o'tkazilgan tezkor tadbirlar davomida qalbaki va noqonuniy dori vositalarini tayyorlash hamda sotish bilan shug'ullangan shaxslar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati bo'yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda G'ijduvon tumanida yashovchi tadbirkorga tegishli dorixona, yashash xonadoni va avtomashinasi ko'zdan kechirilgan.

Tekshiruv davomida tadbirkor o'z uyida yashirin sex tashkil etib, dori vositalarining yorliqlari va yo'riqnomalarini o'zgartirish orqali qalbaki mahsulotlar tayyorlab kelgani aniqlangan.

Tezkor tadbir chog'ida 111 turdagi jami 25 ming 716 dona dori vositasi, bo'sh quti, yorliq, yo'riqnoma hamda boshqa ashyoviy dalillar olib qo'yilgan.

"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi"  davlat muassasasi xulosasiga ko'ra, musodara qilingan dorilarning 30 turi davlat reestrida ro'yxatdan o'tmagan, yana 50 turiga esa muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan.

Shuningdek, G'ijduvon tumanida o'tkazilgan yana bir tezkor tadbirda farmatsevtika faoliyati bilan shug'ullanuvchi MCHJ rahbari davlat reestrida qayd etilmagan va sifat sertifikatiga ega bo'lmagan 16 dona "Oktagam" dori vositasini xaridorga 5 ming 600 AQSH dollariga sotgan vaqtida ushlangan.

Unga tegishli dorixona ko'zdan kechirilganda esa sifat sertifikatiga ega bo'lmagan 109 turdagi jami 32 ming 94 dona dori vositasi hujjatlashtirib olingan.

Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkazilgan tezkor tadbirda esa Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari Nukus tumanida yashovchi, 1989 yilda tug'ilgan fuqaro o'z xonadonida noqonuniy omborxona tashkil etganini aniqlagan.

Ushbu manzildan 65 turdagi jami 12 ming 958 dona dori vositasi, shuningdek, ularni qadoqlashda foydalaniladigan 2 ming 410 dona shtrix-kod va etiketka ashyoviy dalil sifatida olingan.

"Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi" davlat muassasasi xulosasida mazkur dori vositalari belgilangan saqlash talablariga rioya etilmagan holda saqlangani, shuningdek, ularning 16 turining yaroqlilik muddati tugagani qayd etilgan.

Hozirda mazkur uchala holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishlari qo'zg'atilgan bo'lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    G‘ijduvon va Nukus tumanida qalbaki va noqonuniy dori vositalari savdosiga chek qo‘yildi - Darakchi.uz