AsosiyJAMIYAT

Toshkentda YTH oqibatida YPH inspektori halok bo‘ldi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

'Toshkentda YTH oqibatida YPH inspektori halok bo‘ldi'ning rasmi

Toshkent shahrida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida Yo‘l-patrul xizmati inspektori halok bo‘ldi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, hodisa kecha, 16 iyul kuni soat 18:30 lar atrofida poytaxtning Do‘rmon yo‘li ko‘chasida yuz bergan. Uch nafar Yo‘l-patrul xizmati inspektori xizmat mototsikllarida harakatlanayotgan vaqtda chorrahada avariya sodir bo‘lgan.

Dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, G‘azalkent ko‘chasidan chorrahaga kirib kelgan Onix rusumli yengil avtomobil patrullik mototsikli bilan to‘qnashgan. Oqibatda mototsiklni boshqarib kelayotgan Yo‘l-patrul xizmati inspektori voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan.

Hodisa oqibatida tan jarohati olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda mazkur yo‘l-transport hodisasi go‘yoki kortaj kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lgani haqida tarqalayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini maʼlum qildi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar