AsosiyDUNYO

Tramp Xitoyga qarshi yangi ayblovlar bilan chiqdi

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydan qilgan murojaatida Xitoyni 2020 yilgi prezidentlik sayloviga aralashishga uringanlikda aybladi.

'Tramp Xitoyga qarshi yangi ayblovlar bilan chiqdi'ning rasmi

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uydan qilgan murojaatida Xitoyni 2020 yilgi prezidentlik sayloviga aralashishga uringanlikda aybladi. Uning so'zlariga ko'ra, buni tasdiqlovchi yuzlab maxfiy razvedka hujjatlari maxfiylikdan chiqarilgan. Bu haqda BBC ma'lum qildi.

Trampning ta'kidlashicha, Xitoy 220 million nafar saylovchining shaxsiy ma'lumotlarini noqonuniy yo'l bilan qo'lga kiritgan. Shuningdek, u 18 shtatdagi saylovchilar ma'lumotlari sotib olingani, o'g'irlangani yoki xakerlik hujumlari orqali egalanganiini iddao qildi.

Biroq prezident Xitoy ushbu ma'lumotlardan saylov natijalariga ta'sir o'tkazish yoki ovoz berish tizimini o'zgartirish uchun foydalanganini tasdiqlovchi hech qanday dalil taqdim etmadi.

Vashingtondagi Xitoy elchixonasi Reuters agentligiga bergan bayonotida Pekin AQSh prezidentlik saylovlariga hech qachon aralashmagani va bunday niyatda ham emasligini bildirdi.

Shu bilan birga, AQSh razvedka hamjamiyatining 2021 yilda e'lon qilingan hisobotida Xitoy 2020 yilgi prezidentlik sayloviga aralashmagani haqida "yuqori darajadagi ishonch" bilan xulosa qilingan.

Tramp murojaati davomida AQShdagi ovoz berish mashinalari Rossiya, Xitoy va Eron kabi davlatlar tomonidan tashqi aralashuv uchun "juda himoyasiz" ekanini ham iddao qildi.

Bundan tashqari, u Michiganda demokratik partiyaga aloqador guruh saylovchilarni ro'yxatga olishda firibgarlik qilganini, ammo FQB tergovga to'sqinlik qilganini aytdi. Shuningdek, Ichki xavfsizlik vazirligi 278 ming nafar AQSh fuqarosi bo'lmagan shaxs saylovchilar ro'yxatiga kiritilganini aniqlaganini ma'lum qildi. Ammo ularning ovoz bergani yoki saylov natijalariga ta'sir ko'rsatgani haqida hech qanday dalil keltirilmadi.

    Boshqa yangiliklar