Toshkent viloyati Zangiota tumanida 16 iyul kuni kechasi avtomobillarga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida (AGTSH) sodir bo‘lgan portlashga xavfsizlik talablarining buzilishi sabab bo‘lgan. Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, shoxobcha faqat avtomobillarga gaz quyish faoliyati uchun ruxsat olgan bo‘lishiga qaramay, unda maishiy gaz ballonlariga ham gaz to‘ldirilgan.
Hodisa vaqtida "Labo" avtomobilida olib kelingan 100 litrlik maishiy gaz ballonlari qo‘lbola tayyorlangan moslama orqali to‘ldirilayotgan bo‘lgan. Uchinchi ballonni to‘ldirish jarayonida shlang ulangan joyidan chiqib ketgan va chaqnash sodir bo‘lgan. Bu esa gaz ballonlarining ketma-ket portlashiga olib kelgan.
Natijada ikki dona gaz balloni portlagan, to‘rttasi yongan. Hodisa oqibatida uch nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatlarini olgan. Ulardan birining ahvoli og‘ir bo‘lib, tanasining 80 foizi kuygan, yana ikki nafar jabrlanuvchi o‘rta og‘ir holatda.
Hozirda voqea yuzasidan qo‘mita mutaxassislari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari tomonidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va sudga oid kompleks ekspertiza tayinlangan.
Qo‘mita AGTSH rahbarlarini maishiy gaz ballonlariga gaz to‘ldirish taqiqlangani haqida ogohlantirdi. Fuqarolarga esa ballonlarni faqat vakolatli tashkilotlar orqali belgilangan tartibda to‘ldirish tavsiya etildi.






