Interpol tomonidan xalqaro qidiruvga berilgan O‘zbekiston fuqarosi F.V. Polsha hududidan O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fuqaroni mamlakatga qaytarish jarayoni O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilgan tashkiliy-diplomatik choralar hamda Polsha Adliya vazirligi bilan hamkorlik asosida tashkil etilgan.
Operatsiya O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Interpol Milliy markaziy byurosi tomonidan muvofiqlashtirilgan.
Qayd etilishicha, 1988 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan F.V. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bo‘yicha jinoyat sodir etganlikda ayblanib, Interpolning "qizil bildirishnoma"si asosida xalqaro qidiruvga berilgan.
U Polshada aniqlanib, tegishli tartibda ushlangan va keyinchalik O‘zbekiston tomoniga topshirilgan. F.V. Interpol xodimlari hamrohligida Varshavadan Toshkentga olib kelingan.
O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu holat xorijda qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ularni mamlakatga qaytarish, shuningdek, huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlardan biri hisoblanadi.






