Toshkent shahridagi Parkent bozori qarshisida joylashgan chorrahadan yuqori tezlikda o‘tib, piyodani urib ketishiga sal qolgan Tesla haydovchisi aniqlandi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videodan so‘ng o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida haydovchining shaxsi aniqlangan.
Unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-3-moddasi (belgilangan harakat tezligini oshirish) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. Avtomobil esa vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Hujjatlar Chilonzor tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudida ko‘rib chiqilib, haydovchi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilingan. Shuningdek, unga 10 million 300 ming so‘m miqdorida jarima tayinlangan.
Qarorga ko‘ra, haydovchilik huquqini tiklash uchun jazo muddati tugagach, u avtomaktabda nazariy va amaliy mashg‘ulotlarni qayta o‘tashi hamda imtihon topshirishi kerak bo‘ladi.
Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati mazkur holat bo‘yicha jabrlanganlar bo‘lsa, yaqin hududdagi ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqami orqali murojaat qilish mumkinligini ma’lum qildi.






