2026/2027-o'quv yilida davlat oliy ta'lim muassasalariga qabul parametrlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma'lum qildi.
Yangi o'quv yilida davlat oliygohlarining bakalavriat kunduzgi ta'lim shakliga 155 ming 852 nafar abiturient qabul qilinadi.
Qabul o'rinlarining asosiy qismi o'zbek tilidagi ta'limga ajratilgan bo'lib, 130 ming 843 ta o'rinni tashkil etadi. Shuningdek, rus tilida — 19 341 ta, qoraqalpoq tilida — 4 888 ta, qozoq tilida — 335 ta, tojik tilida — 315 ta, qirg'iz tilida — 75 ta va turkman tilida — 55 ta o'rin belgilangan.
Davlat komissiyasi ayrim toifadagi fuqarolar uchun qo'shimcha grant kvotalarini ham tasdiqladi. Jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslar uchun qo'shimcha 2 foizlik davlat granti, yetim va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalar uchun 1 foizlik grant, ichki ishlar va bojxona organlari xodimlari farzandlari 5 va 2 foizlik grant, shuningdek, "Ijtimoiy reestr"ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun alohida ya'ni 10 foizlik grant o'rinlari ajratildi.
Shuningdek, harbiy xizmatchilar farzandlari va tavsiyanoma asosida qabul qilinadigan fuqarolar uchun ham alohida kvotalar belgilandi.
2026/2027-o'quv yilida besh yildan ortiq mehnat stajiga ega ayollar uchun 2 500 ta alohida to'lov-kontrakt o'rinlari ajratiladi. Xotin-qizlar uchun kunduzgi ta'lim shakliga qo'shimcha 4 mingta davlat granti ham beriladi.
Bakalavriatning kechki ta'lim shakliga 28 ming 942 nafar, masofaviy ta'lim shakliga esa 20 ming 810 nafar abiturient qabul qilinishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, magistratura uchun jami 22 ming 50 ta o'rin ajratilgan. Shundan 10 ming 340 tasi davlat granti, 11 ming 710 tasi to'lov-kontrakt asosidagi o'rinlardan iborat.
Qabul kvotalari 2026/2027-o'quv yili uchun bakalavriat, magistratura va ta'limning turli shakllari bo'yicha tasdiqlangan.






