Rossiyaning Tambov shahri va Moskva viloyatidagi Elektrostal shahrida joylashgan Wildberries kompaniyasiga qarashli ikkita logistika markazi Ukraina dronlari hujumiga uchradi. Rossiya rasmiylari ma'lumotiga ko'ra, hodisa oqibatida sakkiz kishi halok bo'lgan, yana 62 kishi jarohat olgan. Xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, Tambovdagi omborga berilgan zarba oqibatida yetti kishi vafot etgan, 25 kishi jarohatlangan. Elektrostaldagi hujumda esa bir kishi halok bo'lib, 37 kishi tan jarohati olgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy hujumlar dronlar ishlab chiqarishda foydalaniladigan sanksiya ostidagi butlovchi qismlar saqlangan yirik logistika obyektlariga qaratilganini bildirdi. Uning aytishicha, Ukraina Qora dengiz, Azov dengizi va Qrimdagi bir qator nishonlarga ham zarba bergan.
Wildberries bosh direktori Tatyana Kim hodisani kompaniya uchun «dahshatli tun» deb atadi. Tambov viloyati gubernatori Yevgeniy Pervishovning ma'lum qilishicha, halok bo'lganlarning barchasi tungi smenada ishlayotgan xodimlar bo'lgan. Shuningdek, hujum vaqtida hududga yaqinlashayotgan 28 ta dron yo'q qilingani aytildi.
Moskva viloyati gubernatori Andrey Vorobyovning ma'lum qilishicha, Elektrostalda jarohatlanganlarning sakkiz nafari og'ir ahvolda. Uning so'zlariga ko'ra, Moskva viloyatida bir kechada 48 ta dron urib tushirilgan, ulardan biri neft bazasiga qulashi oqibatida yong'in chiqqan.
Ukraina Xavfsizlik va hamkorlik markazi rahbari Sergey Kuzan BBC'ga bergan izohida Wildberries logistika tarmog'i Rossiya armiyasi uchun muhim ahamiyatga ega ekanini bildirdi. Uning ta'kidlashicha, platforma orqali harbiy ehtiyojlar uchun ikki maqsadli mahsulotlar va elektron jihozlar yetkazib berilgan.
Zelenskiy mazkur hujumlar Rossiyaning Ukrainadagi fuqarolik obyektlariga bergan zarbalariga javob bo'lganini aytdi. Shu bilan birga, Rossiyaning so'nggi hujumlari oqibatida Ukrainada 14 kishi halok bo'lgani ma'lum qilindi.






