O'zbekiston yagona energetika tizimida 17 iyul kuni elektr energiyasi iste'moli va ishlab chiqarish hajmi bo'yicha yangi yuqori ko'rsatkich qayd etildi. Bu haqda Energetika vazirligi ma'lum qildi.
Vazirlik ma'lumotiga ko'ra, ushbu kunda mamlakatda sutkalik elektr energiyasi iste'moli 293,4 million kilovatt-soatni tashkil etgan. Bu o'tgan yil yoz mavsumida qayd etilgan eng yuqori ko'rsatkichdan 20,8 million kilovatt-soatga yoki 7,6 foizga ko'p.
Shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham rekord darajaga yetdi. 17 iyul kuni 296,1 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan bo'lib, bu 16 iyul kuni o'rnatilgan avvalgi rekorddan 0,7 million kilovatt-soatga yuqori.
Kichik quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ham hisobga olinganda, umumiy ishlab chiqarish hajmi 305 million kilovatt-soatni tashkil etgan.
Energetika vazirligi ta'kidlashicha, dispetcherlik xizmatlari elektr tarmoqlaridagi yuklama, uzatish liniyalari va transformatorlarning holatini doimiy nazorat qilib bormoqda. Zarur hollarda ortiqcha yuklanishning oldini olish uchun tezkor choralar ko'rilmoqda.






