AsosiyJAMIYAT

O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida yangi neft-gaz va sanoat loyihalari amalga oshiriladi

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

'O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida yangi neft-gaz va sanoat loyihalari amalga oshiriladi'ning rasmi

Toshkent shahrida O‘zbekiston—Ozarbayjon Hukumatlararo komissiyasining 15-yig‘ilishi hamda Ishbilarmonlar kengashining birinchi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qator hujjatlar imzolandi.

Hujjatlarga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Ozarbayjon iqtisodiyot vaziri Mikail Jabborov imzo qo‘ydi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ta’kidlanishicha, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 2025 yilda 15 foizga, joriy yil boshidan esa qariyb 40 foizga oshgan.

Tomonlar sanoat kooperatsiyasi doirasida amalga oshiriladigan qo‘shma loyihalar ro‘yxatini kelishib oldi. Ular orasida Qoraqalpog‘istondagi neft-gaz bloklarini o‘zlashtirish, Toshkent shahrida Ritz-Carlton mehmonxonasi va rezidensiyalarini qurish, Chorvoqda Sea Breeze Uzbekistan turistik majmuasini barpo etish hamda turar joy loyihalarini amalga oshirish kabi tashabbuslar bor.

Shuningdek, paxta-to‘qimachilik klasteri tashkil etish, Qashqadaryo viloyatida qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobil sanoatini kengaytirish, sut mahsulotlari va zargarlik buyumlari ishlab chiqarish sohalarida hamkorlik qilish rejalashtirilmoqda.

Yig‘ilishda ikki davlat o‘rtasidagi savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi ham belgilab olindi. Buning uchun aniq tovar yo‘nalishlari, muddatlar va mas’ul ijrochilarni o‘z ichiga olgan alohida dastur ishlab chiqiladi.

Tomonlar energetika, logistika, turizm, farmatsevtika, elektronika, oziq-ovqat sanoati va qurilish materiallari sohalaridagi yangi loyihalarni ham muhokama qildi.

Uchrashuv yakunida Hukumatlararo komissiya bayonnomasi imzolandi. Shuningdek, avgust oyida to‘rtinchi O‘zbekiston—Ozarbayjon hududlararo forumini o‘tkazish va 2026—2027 yillarga mo‘ljallangan hududlar rahbarlarining o‘zaro tashriflari rejasini tasdiqlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

    Boshqa yangiliklar