AsosiyJAMIYAT

O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro kimyo olimpiadasida ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritdi

O'zbekiston sharafini himoya qilgan to'rt nafar o'quvchining barchasi sovrindorlar qatoridan joy oldi.

'O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro kimyo olimpiadasida ilk bor oltin medalni qo‘lga kiritdi'ning rasmi

Toshkent shahrida 58-Xalqaro kimyo olimpiadasining tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston sharafini himoya qilgan to‘rt nafar o‘quvchining barchasi sovrindorlar qatoridan joy oldi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ma’lum qildi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, Rayhona Tuymurodova olimpiadada oltin medalga sazovor bo‘ldi. Jasur Mustafoev, Azizmuhammad Hafizov va Mirjalol Homidjonov esa kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

O‘zbekiston tarixda ilk bor nufuzli Xalqaro kimyo olimpiadasiga mezbonlik qildi. Musobaqada 90 dan ortiq davlatdan kelgan iqtidorli yoshlar ishtirok etib, nazariy va laboratoriya-amaliy bosqichlarda bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

Xalqaro kimyo olimpiadasi dunyodagi eng nufuzli fan musobaqalaridan biri bo‘lib, unda ishtirokchilar murakkab kimyoviy masalalarni yechish bo‘yicha bellashadi.

O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, xalqaro fan olimpiadalarida medal qo‘lga kiritgan ishtirokchilarga katta miqdordagi pul mukofotlari beriladi. Jumladan, ushbu natijalar asosida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolariga jami 2 milliard 884 million so‘m, ularni tayyorlagan ustozlarga esa 494,4 million so‘m miqdorida mukofot ajratiladi.

Shuningdek, g‘oliblarni tayyorlagan o‘qituvchilarning malaka toifasi bir pog‘ona oshirilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar