Rossiya armiyasi 19 iyulga o‘tar kechasi Kievga keng ko‘lamli raketa va dron hujumini uyushtirdi. The Guardian xabariga ko‘ra, bu urush boshlanganidan buyon poytaxtga qarshi amalga oshirilgan eng yirik ballistik hujumlardan biri hisoblanadi. Bu haqda Zamon.uz xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Rossiya Kiev tomon qariyb 40 ta “Iskander-M” ballistik va “Sirkon” gipertovushli raketalarini uchirgan. Hujum besh soat davom etgan. Ukraina harbiylari 18 ta raketa va 125 ta dronidan 108 tasi yo‘q qilinganini bildirgan. Shunga qaramay, shaharning bir qator hududlarida vayronagarchiliklar yuz bergan.
Eng katta talafot Shevchenkivskiy tumanida qayd etildi. Uch qavatli binoda chiqqan yong‘in oqibatida bir kishi halok bo‘lgan, yana yetti kishi jarohatlangan. Qutqaruvchilar vayronalar ostida qidiruv ishlarini davom ettirmoqda.
Hujum oqibatida turar joylar, ofis binolari va yotoqxonalarga ham zarar yetgan. Kuchli portlash to‘lqini tufayli Lukyanovskaya metro bekati vestibyulining shipi qulab tushgan va bekat vaqtincha yopilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat uchun ballistik raketalardan himoyalanish masalasi yanada dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlari uchun tutib qoluvchi raketalar doimiy ravishda zarur.
Shu bilan birga, Ukraina ham Rossiya hududlariga javob zarbalarini amalga oshirgan. Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Moskva va Tambov viloyatlaridagi logistika obyektlari nishonga olingan. U yerlarda dronlar ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan sanksiya ostidagi butlovchi qismlar va navigatsiya uskunalari saqlangani aytilmoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil iyun oyi Ukrainadagi tinch aholi uchun 2022 yil aprelidan beri eng og‘ir oylardan biri bo‘lgan. Bir oy davomida kamida 293 nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Ayni paytda urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar natija bermayapti, frontdagi vaziyat esa deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda.






