AsosiyJAMIYAT

Mehnat inspeksiyasi anomal issiqda obodonlashtirish xodimlar xavfsizligini kuchaytirishni talab qildi

Inspeksiya ochiq havoda ishlaydigan xodimlar xavfsizligi uchun soat 10:00 dan 17:00 gacha xavfli ishlarni to‘xtatish va moslashuvchan ish rejimi joriy etishni talab qildi.

'Mehnat inspeksiyasi anomal issiqda obodonlashtirish xodimlar xavfsizligini kuchaytirishni talab qildi'ning rasmi

Davlat mehnat inspeksiyasi O‘zbekistondagi barcha hokimliklarga anomal issiq ob-havo sharoitida mehnat qilayotgan xodimlar uchun xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma yubordi.

Inspeksiya ma’lumotiga ko‘ra, ochiq havoda ishlaydigan obodonlashtirish xodimlarining hayoti va salomatligini muhofaza qilish maqsadida soat 10:00 dan 17:00 gacha bo‘lgan vaqtda yuqori harorat tufayli xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan ishlarni vaqtincha to‘xtatish hamda moslashuvchan ish rejimi joriy etish tavsiya etilgan.

Shuningdek, ish beruvchilar xodimlarni yetarli miqdorda sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashi, quyosh nurlari va yuqori haroratdan himoyalangan dam olish joylarini tashkil qilishi lozimligi qayd etilgan.

Ko‘rsatmada majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan yoki shifokor xulosasiga ko‘ra ishga yaroqsiz deb topilgan shaxslarni ishga jalb qilmaslik, xodimlarni shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlash hamda mehnat va dam olish tartibini qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta’kidlangan.

Inspeksiya, shuningdek, issiq ta’sirida ahvoli yomonlashgan xodimlarga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilishi shartligini eslatdi.

Qayd etilishicha, mazkur ko‘rsatmalarning bajarilishi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan nazorat qilinadi. Mehnatni muhofaza qilish talablarini buzgan mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik choralari qo‘llanadi.

    Boshqa yangiliklar